• Uzbek
  • Русский
  • English

BESH HAYRAT JILOLARI

Tarjima nazariyasi va amaliyoti fakulteti tomonidan tashkillashtirilgan mushoira kechasida O‘zDJTU professor-o‘qituvchilari hamda talabalar ishtirok etishdi.

Bu galgi tadbir avvalgilaridan mazmunan ancha boyitilganligi bilan ajralib turdi. Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi Xalqaro jamoat fondi raisi Zokirjon Mashrabov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Gulmira Shirinova hamda filologiya fanlari nomzodi Yashnarbek Avlaqulovlar tomonidan sahnalashtirilgan ijodiy kecha ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.
 

“Navoiy mangu hayot” nomli muqaddima bilan boshlangan tadbir, buyuk shoirning “Yal-yali” g‘azaliga sahnalashtirilgan raqs barchaga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.

Shundan so‘ng tadbir doirasida tashkil qilingan bellashuv boshlandi. Unda tarjima nazariyasi va amaliyoti fakultetining 5 nafar iqtidorli talabalar “Dostonlar madhi”, “Navoiy va zamonamiz”, “Bahr-u-bayt”, “Navoiy ruboyilarining tarjimoniman” va “Navoiyga armug‘on” shartlari bo‘yicha o‘zaro bellashdilar. Yakunda tarjima nazariyasi va amaliyoti fakultetining 302-guruh talabasi Qodirova Durdona oliy o‘ringa, 102-guruh talabasi Abdusattorova Iroda 1-o‘ringa, 103-guruh talabasi Eshmamatova Ra’no 2-o‘ringa, 304-guruh talabasi Jurayeva Feruza va 105-guruh talabasi Atamurodova Mahliyolar 3-o‘ringa loyiq deb topildi. Tadbir davomida O‘zbekiston xalq xofizi O‘ktam Ahmedov A.Navoiyning “Qoshu yosunmi deyin…” g‘azalini kuylab, tomoshabinlar olqishiga sazovor bo‘ldi.

Mazkur tadbir haqiqiy ma’noda buyuk mutafakkir, so‘z mulkining sultoni Nizomiddin mir Alisher Navoiy ijodiga bag‘ishlangan nazm va navo kechasiga aylandi.

Copyright © 2017 | Tukhtayev Sardor